Toshkentda Axborot xavfsizligini taʼminlash masalalari boʻyicha MDH xalqaro ekspert forumi oʻtkaziladi

22.06.2021

Joriy yilning  29-iyun kuni Oʻzbekiston poytaxtida Axborot xavfsizligini taʼminlash masalalari boʻyicha xalqaro MDH ekspert forumi boʻlib oʻtadi. Forum Oʻzbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti tomonidan Oʻzbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va MDH Ijroiya qoʻmitasi koʻmagida oʻtkaziladi.

Gibrid formatda xorijiy ishtirokchilarni onlayn tarzda jalb qilgan holda tashkil etilayotgan axborot xavfsizligi masalalari boʻyicha muloqot Hamdoʻstlik mamlakatlarining 50 nafardan ziyod yetakchi ekspertlarini jamlashi kutilmoqda. Unda nafaqat xalqaro tashkilotlar va MDH mamlakatlari yetakchi tahliliy markazlarining vakillari, balki tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari ham ishtirok etadi.

Nufuzli ishtirokchilar tarkibi axborot xavfsizligini taʼminlash sohasidagi soʻnggi tendensiyalarni muhokama qilish, ushbu sohada noqonuniy holatlarga qarshi kurashishning maqbul usullarini ishlab chiqishda puxta oʻylangan va muvofiqlashtirilgan yondoshuvni kelishib olish imkonini beradi. Ushbu forumni oʻtkazish tashabbusi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2019 va 2020-yillardagi sammitlarida ilgari surilgan edi.

Eng avvalo, iqtisodiyotning muhim tarmoqlari, davlat boshqaruvi, jamiyat hayoti hamda xizmatlar sohasining keng koʻlamda raqamlashishi sababli ushbu muammoga katta eʼtibor qaratilmoqda. Jamiyat, davlat va biznes raqamlashishi surʼatlarini bir necha barobar tezlashtirgan koronavirus pandemiyasining global oqibatlari ham forumning dolzarbligini va oʻz vaqtida oʻtkazilayotganini tasdiqlamoqda.

Joriy qilingan cheklov choralari masofaviy taʼlim, teletibbiyot, internet savdo va boshqa sohalar rivojlanishiga sezilarli darajada taʼsir koʻrsatdi. Raqamli texnologiyalarning jadal rivojlanishi va hayotning barcha jabhalariga kirib borishi bilan birga axborotdan noqonuniy foydalanish xavfi oʻsib bormoqda. Bu esa energetika, mudofaa, transport, telekommunikatsiyalar va sogʻliqni saqlash sohalarida ish buzilishiga sabab boʻlishi mumkin.

Natijada nafaqat katta moddiy zarar yetishi, balki fuqarolar hayoti xavfsizligiga xavf tugʻilishi ehtimoli ham oshib bormoqda. Bunday sharoitda axborot xavfsizligini taʼminlash davlat va jamiyat iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy rivojlanishining asosiy omillaridan biriga aylanmoqda. Bu tendensiyalar boshqa dolzarb masalalar bilan birga oʻrta muddatli istiqbol uchun MDH mamlakatlarining kompleks hamkorligining vektorini belgilab beradigan konseptual hujjatlarda aks etgan.

Hamdoʻstlik doirasida saʼy-harakatlarni birlashtirish va MDHga aʼzo davlatlarning axborot xavfsizligi sohasidagi hamkorligining samaradorligini oshirish, turli amaliy maqsadlardagi himoyalangan axborot tizimlarini yaratishga qaratilgan bir qator hujjatlar qabul qilingan. Xususan, 2020-yilda  MDHda Oʻzbekiston raislik qilgan davrda davlat rahbarlari tomonidan MDHni yanada rivojlantirish konsepsiyasi va MDHni 2030-yilgacha iqtisodiy rivojlantirish strategiyasi imzolandi.

Raqamli iqtisodiyotni va raqamli koʻnikmalarni rivojlantirishda hamkorlikni chuqurlashtirish ushbu hujjatlarda eng talab yuqori boʻlgan hamkorlik sohalari sifatida belgilangan. Shu sababli, axborot xavfsizligini taʼminlash va AKTdan foydalangan holda jinoyatchilikka qarshi kurashishga katta ahamiyat berilgan. Shu maʼnoda Oʻzbekiston tomonidan tashkil etilayotgan birinchi Ekspert forumi raqamlashtirish sohasidagi soʻnggi tendensiyalar va yutuqlar boʻyicha fikr almashish uchun muhim maydon boʻlib xizmat qiladi. Tadbir axborot makonida dolzarb xatarlarga qarshi kurashishdagi ilgʻor milliy tajriba bilan oʻrtoqlashish imkonini beradi.

Munozaralar yakunlari boʻyicha Axborot xavfsizligini taʼminlash masalalari boʻyicha xalqaro MDH ekspert forumining yakuniy hujjati qabul qilinishi koʻzda tutilgan. Mazkur hujjat Hamdoʻstlik doirasida axborot xavfsizligi sohasidagi hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy asoslari va institutsional mexanizmlarini takomillashtirish boʻyicha tavsiyalarni oʻz ichiga oladi.

Manba: mitc.uz