Toshkent viloyati, Bekobod tumanida Raqamli texnologiyalar o‘quv markazi ochildi

19.02.2021

Yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari, dasturlash, robototexnika va kibersportni ommalashtirish, bu sohada mutaxassislarni tayyorlash tizimini takomillashtirish maqsadida yurtimizda bosqichma-bosqich raqamli texnologiyalar o‘quv markazlarni tashkil qilish ishlari izchil davom etmoqda.

Toshkent viloyatida ham Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlarini tashkil yetish ishlari jadal sur’atlarda amalga oshirilmoqda.

2021 yil 17 fevral kuni Toshkent viloyatning Bekobod tumanida Raqamli texnologiyalar o‘quv markazi ochilib, o‘z ish faoliyatini boshladi. Bugungi kunda Toshkent viloyatining 11 ta (Bo‘ka, Piskent, Oqqo‘rg‘on, Yuqorichirchiq, O‘rtachirchiq, Quyichirchiq, Yangiyo‘l, Bekobod tumanlari va Yangiyo‘l, Angren va Oxangaron shaharlari) tuman va shaharlarda o‘quv markazlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Mazkur markaz mebel jihozlari va zamonaviy kompyuter texnikalari bilan jihozlangan bo‘lib, aholi va yoshlarning zamonaviy axborot texnologiyalari sohasida bilim egallashlari hamda malakasini oshirishlari uchun zarur bo‘lgan barcha shart-sharoitlar yaratilgan.

Kelgusida tuman yoshlari ushbu o‘quv markazida kompyuter savodxonligi, dasturlash, robototexnika, internetdan foydalanish hamda boshqa bir qator yo‘nalishlarda o‘z bilimlarini oshiradilar. Shuningdek axborot texnologiyalari, dasturlash sohalarida innovatsion ishlanmalar yaratish, start-ap loyihalarini ishlab chiqishni jalb qilishga rejalashtirilgan.

 

Manba: mitc.uz