Termiz shahridagi informatika va axborot texnologiyalari fanini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktabning ochilish marosimi bo`lib o`tdi

03.02.2021

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 6 oktyabrdagi PQ-4851-sonli «Axborot texnologiyalari sohasida ta’lim tizimini yanada takomillashtirish,ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish va IT-industriya bilan integratsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida 2020-2024 yillar mobaynida har bir tuman shaharlarda bittadan informatika va axborot texnologiyalari fanini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktablarni tashkil etish rejalashtirilgan.

Hukumat qarori ijrosini ta’minlash maqsadida 3-fevral kuni Surxondaryo viloyati Termiz shahridagi 16-umumta’lim maktabi informatika va axborot texnologiyalari fanini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab maqomiga ega bo’ldi.

Maktabning ochilish marosimida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining o‘rinbosari Bahromjon  Olmatov, “O’zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish Respublika markazi” davlat unitar korxonasi direktori v.b. Ulugbek Shakirov, Termiz shahar hokimligi, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi ma’sul rahbar va xodimlari hamda mahalliy yoshlar ishtirok etishdi.

Maktabda zamonaviy informatika va robototexnika xonalari, raqamli kutubxona tashkil qilindi. Xonalar  Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va Telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi tomonidan zamonaviy kompyuter texnikalari va interaktiv sensorli doskalar bilan jihozlandi.

Ilm maskanidagi bu kabi imkoniyatlar ixtisoslashtirilgan maktabning samarali faoliyat yuritishida, o‘quvchilarning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va dasturlash yo‘nalishida ham o‘z bilim va iqtidorlarini namoyish etishlarida muhim omil bo‘lib xizmat qilishi, shubhasiz.

Tantana so`ngida “Bir million dasturchi” yirik loyihasi doirasida Top-100 kirgan o‘qituvchilarni,  “Bir million dasturchi” loyihasi nanodegre granti sohiblari va ixtisoslashtirilgan maktabga kirish imtihonida eng yuqori ball to’plagan 5 nafar o’quvchilarni taqdirlash marosimi ham bo‘lib o‘tdi.

Umid qilamiz, mazkur maktabda yaratilgan sharoitlar axborot texnologiyalari ta’limini sifat jihatidan yangi bosqichga ko’tarish, mehnat bozorining mamlakatdagi malakali IT-mutaxassislarga bo’lgan ehtiyojini qondirishga xizmat qiladi.

Manba:  rtmc.uz