O’zbekistonda davlat bayrog’i qabul qilinganligining 29 yilligi nishonlanmoqda

18.11.2020

Har bir xalqning o’z sha’ni va mag’rurligini o’zida mujassam etgan muqaddas ramzlari bor. Ulardan biri-davlat bayrog’i. 1991 yil 18 noyabr – O`zbekiston Respublikasining Davlat bayrog`i qabul qilingan kun.
O`zbekiston Respublikasi Davlat bayrog`i to`g`risida”gi qonun 1991 yil 18 noyabrda O`zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining navbatdan tashqari O`tkazilgan VII sessiyasida qabul qilingan.
Davlat bayrog`i va uning ramzi bugungi O`zbekiston sarhadida qadimda mavjud bo`lgan davlatlar bilan tarixan bog`liqligini anglatadi hamda respublikaning milliy-madaniy an`analarini o`zida mujassamlashtiradi.
Bayroqdagi moviy rang tiriklik mazmuni aks etgan mangu osmon va obihayot ramzi. Timsollar tilida bu – yaxshilikni, donishmandlikni, halollikni, shon-shuhrat va sadoqatni bildiradi.
Bayroqdagi oq rang – muqaddas tinchlik ramzi bo`lib, u kun charog`onligi va koinot yoritqichlari bilan uyg`unlashib ketadi. Oq rang – poklik, beg`uborlik, soflikni, orzu va hayollar tozaligi, ichki go`zallikka intilishning timsoli.
Yashil rang – tabiatning yangilanish ramzi. U ko`pgina xalqlarda navqironlik, umid va shodumonlik timsoli hisoblanadi.
Qizil chiziqlar – vujudimizda jo`shib oqayotgan hayotiy qudrat irmoqlarini anglatadi.
Navqiron yarim oy tasviri bizning tarixiy an`analarimiz bilan bog`liq. Ayni paytda u qo`lga kiritilgan mustaqilligimiz ramzi ham.
Yulduzlar barcha uchun ruhoniy, ilohiy timsol sanalgan. O`zbekiston Respublikasi Davlat bayrog`idagi 12 yulduz tasviri ham tarixiy an`analarimiz, qadimgi yilnomamizga bevosita aloqador. Bizning O`n ikki yulduzga bo`lgan e`tiborimiz O`zbekiston sarhadidagi qadimgi davlatlar ilmiy tafakkurida nujum ilmi taraqqiy etganligi bilan ham izohlanadi.
Davlat bayrog`imizdagi 12 yulduz tasvirini o`zbek xalqi madaniyatining qadimiyligi, uning komillikka, o`z tuprog`ida saodatga intilishi ramzi sifatida tushunish lozim.
O’zbekiston davlat bayrog’i O’zbekiston Respublikasi delegatsiyalarining xorijiy davlatlarga rasmiy tashriflari chog’ida, mamlakatimizning xorijdagi elchixonalari va xalqaro tashkilotlardagi vakolatxonalari, xalqaro forumlar va konferentsiyalarda, sport musobaqalarida bizni taqdim etadi. Bu muqaddas ramz-O’zbekistonda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalikning timsoli sifatida davlat muassasalari, residentlar, korxona va tashkilotlar, ta’lim muassasalari binolarida g’urur bilan ilib qo`yiladi.

manba: “O’zTTBRM” DUK