O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofik mobil qurilmalarni ro’yxatdan o’tkazish jaroyoniga o’zgartirishlar va qo`shimchalar kiritilgani to’g’risida

03.01.2021

Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 31 dekabr “O’zbekistonda foydalanilayotgan, sotish yoki shaxsiy foydalanish uchun olib kiriladigan va ishlab chiqariladigan mobil qurilmalarni ro’yxatga olish tartibi to’g’risidagi Nizomga o’zgartirish va qo’shimchalar kiritish haqida” 828-son qarori mobil qurilmalarni ro’yxatga olish tizimi ishga tushirilganidan so’ng fuqaro va tadbirkorlardan kelib tushgan murojaat va takliflardan kelib chiqqan holda iste’molchilarga sifatli mobil qurilmalardan foydalanish imkoniyatini yaratish, ichki bozorni kontrafakt mahsulotlarning olib kirilishi va sotilishidan himoya qilish, telekommunikasiya bozorida sog’lom raqobat muhitini shakllantirish hamda tizimni takomillashtirish va qulayliklar yaratish maqsadida ishlab chiqildi.

Qaror loyihasi ishlab chiqilishida O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, tashqi ishlar vazirligi, savdo-sanoat palatasi, iqtisodiy taraqqiyot va kambag’allikni qisqartirish vazirligi, Davlat bojxona qo’mitasi, monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi, Bosh prokuratura huzuridagi majburiy ijro byurosi, boshqa taaluqli idoralar takliflari inobadga olinib kelishildi.

Endilikda mobil qurilmaning bir slotiga tegishli IMEI-kodi 2019-yil 1-noyabrgacha avtomatik ro’yxatdan o’tgan va bazaga kiritilgan bo’lsa, uning boshqa slotidagi IMEI-kodi qurilma egasi tomonidan quyidagi harakatlar bajarilganidan so’ng tizim operatori tomonidan 3 ish soati mobaynida bepul amalga oshiriladi:

  • mobil qurilma egasining tizim operatori yoki tizim ro’yxatga oluvchisiga shaxsini tasdiqlovchi hujjat bilan shaxsan murojaat qilishi;
  • IMEI kodining ushbu mobil qurilmaga haqiqiy ekanligini tasdiqlash (mobil qurilma klaviaturasida *#06# kodini yozib olingan IMEI kodining ekran tasvirini taqdim etish);
  • Nizomga muvofiq anketa taqdim etish.

Agar 2019 yil 1 noyabrdan keyin arizaga asosan ro’yxatga olingan bo’lsa, jarayon 3 soat ish vaqtida to’lov asosida amalga oshiriladi.

Shuningdek, respublika hududida mobil qurilmalar chakana savdosi bilan shug’ullanuvchi tadbirkorlar mobil qurilmalarni respublika hududiga olib kirish sanasidan qat’iy nazar, ularni ro’yxatdan o’tkazish uchun javobgar bo’ladilar.

Xorijiy davlatlarning O’zbekistonda akkreditasiyadan o’tgan diplomatik vakolatxonalari, konsullik muassasalari mobil qurilmalari IMEI-kodlarini ro’yxatdan o’tkazish uchun tashqi ishlar vazirligi huzuridagi diplomatik korpusga xizmat ko’rsatish byurosiga murojaat qiladi. Bunda diplomatik vakolatxonalar tomonidan mobil qurilmalar diplomatik pochta orqali olinmagan taqdirda arizaga bojxona yuk deklarasiyasi yoki bojxona kirim orderi taqdim etiladi.

Tizim operatori diplomatik korpusga xizmat ko’rsatish byurosi bergan arizaga muvofiq IMEI-kodlarini ro’yxatdan o’tkazishni ariza olingan kundan boshlab 3 ish kuni mobaynida to’lov asosida amalga oshiradi.

Sud qaroriga ko’ra davlat egaligiga o’tkazilgan mobil qurilmalar IMEI-kodlarini ro’yxatdan o’tkazish uchun davlat ijrochisi tomonidan anketa va sud qarori nusxasi tizim operatoriga taqdim etiladi.

Shunga ko’ra, tizim operatori mobil qurilmalarni ariza kelib tushgan kundan boshlab 3 ish kuni mobaynida ro’yxatdan o’tkazadi.

Tizim operatori bilan O’zbekiston Respublikasi Bosh prokuratura huzuridagi majburiy ijro byurosi o’rtasida sud qaroriga ko’ra davlat egaligiga o’tkazilgan mobil qurilmalar bo’yicha elektron axborot almashinuvi amalga oshiriladi.

Mobil qurilmalarni IMEI-kodlarini ro’yxatdan o’tkazish uchun ishlab chiqaruvchi tashkilotlar qurilma ishlab chiqarish uchun tegishli ruxsatnomalarni, shuningdek, vakolatli organlarni mahalliy ishlab chiqaruvchisi haqidagi ma’lumotlarni taqdim etishi kerak.

O’zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasiga ega bo’lgan chet davlat fuqarosi va O’zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasiga ega fuqaroligi bo’lmagan shaxs tomonidan mobil qurilmalar IMEI-kodlarini tizim operatori yoki tizim ro’yxatga oluvchisiga shaxsan murojaat qilish yo’li bilan ro’yxatga olinadi.

Bojxona chegarasidan tovarlarni bojsiz olib kirish normalariga rioya qilinmagan holda olib kirilgan mobil qurilmalar, ular uchun import qiluvchi sifatida bojxona to’lovlari to’langandan so’ng IMEI-kodlari ro’yxatdan o’tkaziladi.

Manba:  rtmc.uz