IMEI-kodlarini ro’yxatdan o’tkazishdagi noroziliklarga rasmiy munosabat bildirish

12.07.2021

Maʼlumki, mamlakatimizda mobilь qurilmalar IMEI-kodlarini roʼyxatga olish tizimi joriy etilgan. Mazkur tizimni joriy etishdan maqsad – isteʼmolchilar huquqini himoya qilish, respublikamizga sifatsiz mobilь qurilmalar kirib kelishi va uning noqonuniy savdosi oldini olishdir.

«Oʼzbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi» davlat unitar korxonasi – tizim operatori tomonidan mobilь qurilmalarning IMEI-kodlarni roʼyxatdan oʼtkazish uchun shaxsning pasport maʼlumotlari, uchinchi shaxslar tomonidan noqonuniy foydalanishning oldini olish maqsadida mobilь qurilmalarni roʼyxatdan ŭtkazish jaraëniga qoʼshimcha tekshiruv algoritmi kiritilgan. Yaʼni, qurilmaning IMEI-kodini roʼyxatdan oʼtkazishda jismoniy shaxslarning abonent raqami mahalliy mobilь operatorlaridan ariza beruvchi nomiga rasmiylashtirilganligi talab etiladi.

Umuman olganga, mobilь qurilmalar IMEI-kodlarini roʼyxatga olish tizimining joriy etilishi adolatli raqobat muhitini yuzaga keltirdi. Bu tizim sabab noqonuniy ishlayotgan tadbirkorlar faoliyati qonuniylashtirilib, bugungi kunda 70 ga yaqin importyorlar faoliyat yuritmoqda. Vaholanki, bir yil avval importyorlar barmoq bilan sanarlik darajada kam edi. Bugungi kunga kelib respublikamizda roʼyxatdan oʼtkazilayotgan 77 foizdan oshiq mobil qurilmalar rasmiy ravishda importerlar tomonidan taqdim etilayotgan buyurtmalarga asosan roʼyxatga olinmoqda. Qolgan qismi fuqarolarimiz tomonidan chetdan olib kelinayotgan yoki pochta orqali yetkazilayotgan qurilmalarni tashkil etmoqda.

Аyni kunlarda IMEI-kodlarni roʼyxatdan oʼtkazish bilan bogʼliq ijtimoiy tarmoqlarda ayrim tanqidiy fikrlar, jumladan, fuqarolarning shaxsiy maʼlumotlari oʼgʼirlanishi, roʼyxatdan oʼtishda byurokratik va mantiqsiz toʼsiqlar qoʼyilishi kabi tizimga ayb qoʼyilmoqda.

Xoʼsh, ushbu fikrlar qanchalik asosli?

Аvvalo, yuqorida qayd etib oʼtilganidek, mobilь qurilmalar IMEI-kodlarini roʼyxatga olish tizimi isteʼmolchilar huquqini himoya qilish, respublikamizga sifatsiz mobilь qurilmalar kirib kelishi va uning noqonuniy savdosi oldini olish maqsadida yoʼlga qoʼyilgan.

«Oʼzbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi» davlat unitar korxonasi tomonidan ayni shu maqsadda tizimli ishlar olib borilmoqda.

Tizim bilan bogʼliq tanqidiy fikrlarga toʼxtaladigan boʼlsak, yaʼni fuqarolarning shaxsiy maʼlumotlari oʼgʼirlanishi korxona faoliyatiga bogʼliq emas. Yaʼni, buni soddaroq, amaliy jarayon bilan bogʼlab tushuntiradigan boʼlsak, joriy yil boshidan «OʼzTTBRM» DUK (mobilь qurilmalarning IMEI kodlarini roʼyxatga olish Tizimi operatori)ga pasport maʼlumotlari begona shaxslar tomonidan noqonuniy foydalanilib kelinayotganligi boʼyicha koʼplab murojaatlar kelib tushmoqda. Tizim operatori tomonidan Internet tarmogʼi orqali ogohlantiruvchi choralar berilayotganligiga qaramasdan, koʼplab isteʼmolchilar mobilь qurilmalarni xarid qilishda shu jihatlarga eʼtibor qaratmayapti.

Jumladan, bugungi kunda begona pasport maʼlumotlariga 200 mingdan koʼp mobilь qurilmalarning roʼyxatga olinish holatlari aniqlangan (Bunday qurilmalar belgilangan tartibda tizimdan oʼchirilgan hamda haqiqiy pasport egalariga ularga tegishli boʼlgan mobilь qurilmalar rasmiylashtirilgan).

Tabiiyki, shu oʼrinda haqli savol tugʼiladi: nima uchun shunday? Chunki roʼyxatga olish jarayoni onlayn rejimida amalga oshiriladi va tizim operatori jarayonning ikkinchi tomonida roʼyxatdan oʼtkazuvchining kimligi, pasport egasi yoki qoidabuzar boʼyicha maʼlumotga ega emas. Bu oʼrinda UZIMEI tizim operatori fuqarolarning pasport maʼlumotlarini begona shaxslar tomonidan foydalanilishi boʼyicha javobgar hisoblanmaydi.

Onlayn rejimida roʼyxatga olishni bekor qilish, boshqacha aytganda, ijtimoiy tarmoqlar orqali “roʼyxatdan oʼtishda byurokratik va mantiqsiz toʼsiqlar”ni bekor qilish isteʼmolchilarning yanada koʼproq noroziliklariga olib keladi. Chunki, bunday vaziyatda har bir fuqaro roʼyxatdan oʼtish uchun Tizim operatori ofislariga kelishi talab etiladi. Bu fuqarolarning ortiqcha vaqt yoʼqotishiga olib keladi.

Bu borada aholiga qulaylik yaratish maqsadida hozirgi kunga qadar Qoraqolpogʼiston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahrida mobil qurilmalarning IMEI-kodlarini roʼyxatga olish punktlari faoliyat yuritmoqda. Tizim operatori tomonidan respublikamizning barcha hududlarida xizmat koʼrsatish punktlarini ochish ishlari davom ettirilmoqda.

Eng asosiysi mana bir oy vaqt oʼtdi poytaxtimizning eng mashxur savdo majmualaridan biri boʼlgan “Malika” bozorida xam Tizim operatorining shaxobchasi ishlab kelmoqda. Savdo majmuaga kelgan xar qanday xaridor mobil qurilmani sotib olishdan oldin uning IMEI-kodlari roʼyxatdan oʼtganligi (oʼtmaganligi) yoki kimni nomidan oʼtganligini (birovning pasport maʼlumotlariga), rasmiy ravishda import qilinganligi toʼgʼrisida bepul maʼlumot olishi mumkin. Bu xizmatdan “Malika” savdo majmuasidan chiqmagan holda foydalanishi isteʼmolchilarga ancha qulaylik yaratildi.

Hozirgi vaziyatdan kelib chiqib, fuqarolarga ularning shaxsiy maʼlumotlari (pasport) begona shaxslar tomonidan foydalanilishining oldini olishda yanada eʼtiborli boʼlishlari maqsadga muvofiq. Chunki fuqaro pasport maʼlumotlarini begonalarga bermasa, roʼyxatdan oʼtishda (shaxsiy maʼlumotlar oʼgʼirlanishi) hech qanday muammo boʼlmaydi.

Muxtasar aytganda, mobilь qurilmalar IMEI-kodlarini roʼyxatga olish tizimi yanada takomillashtirilib, tom maʼnoda isteʼmolchilar huquqini himoya qilishga xizmat qiladi.

 

Manba:  rtmc.uz