Davlat gerbi – mustaqillik timsoli!

06.07.2021

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi qabul qilinganligining 29 yilligi munosabati bilan 2021-yil 2-iyul kuni videokonferensaloqa ko‘rinishida “Davlat gerbi – mustaqillik timsoli!” mavzusida onlayn maʼrifiy tadbir o‘tkazildi.

Mazkur tadbirda Vazirlik markaziy apparati boshqarma va bo‘limlari, hududiy boshqarmalari, shuningdek, tizimdagi korxona va tashkilotlar rahbar-xodimlari ishtirok etdi.

Maʼrifiy tadbirda AKT vaziri maslahatchisi N.Abdullayev, yuridik fanlar doktori, professor M.Baratov tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbining qabul qilinish jarayonlari, O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi to‘g‘risida”gi Qonun mazmun-mohiyati, undan foydalanish tartib-qoidalari to‘g‘risida batafsil maʼlumot berildi.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 5-moddasida “O‘zbekiston Respublikasi qonun bilan tasdiqlanadigan o‘z davlat ramzlari -bayrog‘i, gerbi, va madhiyasiga ega”ligi keltirilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 215-moddasida davlat ramzlariga hurmatsizlik qilish asosan, O‘zbekiston Respublikasi yoki Qoraqalpog‘iston Respublikasining Davlat bayrog‘i, Davlat gerbi yoxud Davlat madhiyasiga hurmatsizlik qilish bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravarigacha (6 mln 125 ming so‘m) miqdorda jarima yoki 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishi mumkinligi alohida qayd etildi.

Bundan tashqari, “O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi to‘g‘risida”gi Qonunning 5-moddasiga alohida to‘xtalib, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbining elementlarini nodavlat tashkilotlari hujjatlarining rekvizitlari yoki reklama materiallariga kiritilishiga yo‘l qo‘yilmasligi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbining tasviri tushirilgan belgilardan ishlab chiqarilayotgan yoki realizatsiya qilinayotgan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) o‘tkazish uchun tijorat maqsadlarida foydalanish mumkin emasligi, Nodavlat notijorat tashkilotlarining ramzlari O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbiga o‘xshash bo‘lishi mumkin emasligi taʼkidlandi.

Maʼrifiy tadbir ishtirokchilari davlat gerbi to‘g‘risidagi savollariga batafsil javoblar olishdi.

 

Manba: mitc.uz