Davlat boshqaruviga raqamli iqtisodiyot, elektron hukumat hamda axborot tizimlarini joriy etish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

17.12.2018

2018 yil 13 dekabrda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi davlat boshqaruviga raqamli iqtisodiyot, elektron hukumat hamda axborot tizimlarini joriy etish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilindi.

Farmonga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi elektron hukumat hamda davlat boshqaruvida axborot tizimlarini joriy etish, ushbu sohada yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish hamda davlat organlari va tashkilotlarining faoliyatini muvofiqlashtirish sohasida vakolatli organ etib belgilandi.

Loyiha boshqaruvi milliy agentligiga 2019 yilning 1 mayiga qadar “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish konsepsiyasi loyihasining ishlab chiqilishi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritilishini taʼminlash yuklatilgan.

Shuningdek, mazkur Farmonga muvofiq, 2019 yilning 1 aprelidan boshlab davlat organlari, tashkilotlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari xodimlari uchun oʻz xizmat vazifalarini bajarishda, jumladan, xorijda boʻlish vaqtida, aloqaning maxfiyligi, tezkorligi, xavfsizligi va telekommunikatsiya xizmatlariga sarflanadigan byudjet mablagʻlarining tejalishini taʼminlaydigan hukumat mobil aloqasi tizimidan foydalanilishi majburiy hisoblanadi.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi