Koreya axborot jamiyatini rivojlantirish instituti delegatsiyasi bilan uchrashuv

22.04.2019
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida Koreya axborot jamiyatini rivojlantirish instituti  (KISDI) prezidenti Kim Da Xi boshchiligidagi mazkur institut delegatsiyasi bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.
KISDI delegatsiyasi dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnoparklarini rivojlantirish boʻyicha tegishli konsultatsiyalar oʻtkazish maqsadida Toshkent shahriga keldi. 2019 yil davomida Koreya tomonidan oʻtkazilishi nazarda tutilgan konsultatsiyalar Koreya Respublikasi Fan va AKT vazirligi texnik koʻmagi ostida AKTni rivojlantirish dasturi asosida tashkil etilgan.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi oʻrinbosari O. Umarov axborot texnologiyalari sohasida texnoparklarni rivojlantirishning dolzarb ekani va ushbu sohada Janubiy Koreyaning ilgʻor tajribasini oʻrganishning ayni mavridi ekanini taʼkidladi.
Konsultatsiya dasturi davrida KISDI konsalting guruhi Oʻzbekistondagi axborot texnologiyalari innovatsion parklarini rivojlantirishning joriy holatini oʻrganadi, ushbu sohada Koreya tajribasi bilan tanishtiradi hamda mamlakatimizda texnoparklarni rivojlantirish siyosatini amalga oshirish yuzasidan tavsiyalar taqdim etadi.