Namangan viloyatida AKTni joriy etish sifatini yanada oshirish boʻyicha dolzarb chora-tadbirlar belgilandi

05.03.2019

Prezidentimiz hududlarga tashrifi davomida doim chekka qishloq va ovullargacha kirib borib, ijtimoiy soha obyektlari, oddiy odamlar xonadonlarida boʻlib, yuzaga kelgan real vaziyat, aholining turmush sharoiti bilan yaqindan tanishmoqda, muammolarni bartaraf qilish boʻyicha tegishli koʻrsatmalar bermoqda.

Jamiyatimiz tafakkur tarzida, ijtimoiy jarayonlarda ulkan oʻzgarishlarga olib kelayotgan ushbu tashabbusga hamohang tarzda Prezidentimizning muayyan viloyatga tashrifi arafasida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan hududlarda AKTni joriy etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar tizimli ravishda oʻrganib kelinmoqda.

Jumladan, 27-28 fevral kunlari Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh. Sadikov hududda telekommunikatsiya infratuzilmalarini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini oʻrganish maqsadida Namangan viloyatida boʻldi.

Viloyatga tashrif doirasida Chust, Toʻraqoʻrgʻon, Kosonsoy tumanlari telekommunikatsiya bogʻlamalari va mazkur tumanlarning pochta aloqa bogʻlamalari, tumandagi Andijon radiotelevizon uzatish markazining “Kosonsoy” radiotelevizion stansiyasi faoliyatini yaqindan oʻrgandi. Kosonsoy tumanidagi “Gurmiron”, “Namuna” MFY hududlarida joylashgan qishloq ATS orqali aholiga koʻrsatilayotgan telekommunikatsiya xizmatlari sifati hamda amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligiga eʼtibor qaratdi.

Shuningdek, Soha rahbari, Namangan shahrida Viloyat elektromagnit moslashuv xizmati tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, Pochta va telekommunikatsiya bogʻlamalarining boʻsh turgan binolarida kompyuter savodxonligi oʻquv kurslarini tashkil etish yuzasidan joylarda xonalarni tayyorlash va taʼmirlash ishlarining borishi, Vazirlikning Namangan viloyati hududiy boshqarmasi faoliyati va u yerda yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi.

Vazir Sh. Sadikov uchrashuvlar davomida mamlakatimiz iqtisodiyotini jadal rivojlantirishga hissa qoʻshish, buning uchun esa soha daromadlarini oshirish, tarmoqda faoliyat yuritayotgan soha vakillarining turmush darajasini yaxshilash, ularga munosib shart-sharoitlar yaratib berish har bir rahbarning oldida turgan birinchi darajali vazifasi ekanini alohida taʼkidlab oʻtdi.

Mavjud imkoniyatlar va resurslardan oqilona foydalanish hisobiga qishloq joylarida aholiga zamonaviy telekommunikatsiya xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha Kosonsoy tumanida amalga oshirilgan ishlarga yuqori baho berilib, ushbu tajribani oʻrganish va respublikaning boshqa hududlarida ham amalga oshirish tavsiya etildi.

Viloyatda sohada erishilgan natijalar bilan birgalikda, oʻz yechimini kutayotgan bir qator muammoli masalalar mavjudligi, jumladan, keng polosali portlardan foydalanish darajasini oshirish, koʻrsatilayotgan simli telekommunikatsiya xizmatlarining sifatini yanada yaxshilash, viloyatda mavjud turistik obyektlarda Wi-Fi hududlarini jadal tashkil etish, viloyatdagi soha korxonalarida tijorat va marketing ishlarini samarali yoʻlga qoʻyish boʻyicha aniq koʻrsatmalar berildi.

Anʼanaga koʻra, Vazir tomonidan uzoq yillar davomida tarmoq rivojiga munosib hissa qoʻshib kelayotgan bir guruh soha xodimlarini Vazirlikning tashakkurnomasi hamda esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.