2019 yildagi Butunjahon radioaloqa anjumaniga Tayyorgarlik yigʻinining ikkinchi sessiyasi boʻlib oʻtmoqda

21.02.2019

2019-yilning 18-fevral kuni Jeneva (Shveysariya) shahrida Xalqaro elektraloqa ittifoqi (XEI)ning 2019-yildagi Butunjahon radioaloqa anjumaniga Tayyorgarlik yigʻinining ikkinchi sessiyasi (ATY-19-2) oʻz ishini boshladi.

XEI Bosh kotibi Xoulin Chjao oʻzining qutlov soʻzida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari rivoji, yuklatilgan vazifalarga erishish uchun radiochastotalardan foydalanishning ahamiyati tobora ortib borayotganini eʼtirof etdi. Shuningdek, ATY-19-2 raisi janob Xolid Al-Avadiy (BAA) hamda 2018 yil oktyabr oyidagi Muxtor huquqli anjumanda saylangan XEIning uch sektori direktorlarini taqdim etdi.

ATY-19-2 doirasida radioaloqa texnologiyalari va ularning ehtiyojlariga muvofiq boʻlgan radiochastotalardan samarali foydalanish masalalari uchun anjuman kun tartibi savollari orqali belgilangan murakkab vazifalarga yechim topiladi.

Xalqaro tashkilotlarni hisobga olgan holda, XEIning 103 aʼzo davlatidan 1400 nafardan ortiq delegat va Radioaloqa sektorining 86 nafar aʼzosi yigʻinda ishtirok etmoqda. ATY-19-2 davomida 2019 yildagi Butunjahon radioaloqa anjumani (BRA-19) kun tartibidagi chastotalar, reglament, texnik, ekspluatatsiya va bajariladigan ish tartibi bandlarining turli jihatlari boʻyicha tayyorgarlik tadqiqotlari natijalari koʻrib chiqiladi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, “Elektromagnit moslashuv markazi” DUK va “UNICON.UZ” DUK mutaxassislari ATY-19-2da Oʻzbekiston Respublikasi Aloqa maʼmuriyatini taqdim etmoqdalar.

ATY-19-2 tadbiri davomida BRA-19 uchun BRA-19 masalalari boʻyicha XEIning Radioaloqa sektorining toʻrt yillik tadqiqotlari natijalarini koʻrib chiqish va muhokama qilish asosida ATY-19-2ning umumlashtirilgan Hisoboti ishlab chiqiladi. ATY-19-2 oʻz ishini 2019-yilning 28-fevraliga qadar davom ettiradi.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi