21 oktabr – “O‘zbek tili bayrami” kuni munosabati bilan «O’zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi» davlat unitar korxonasini tabrigi

21.10.2020

«O’zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi» davlat unitar korxonasi butun o‘zbek xalqini, shuningdek, dunyoning boshqa mamlakatlarda o‘zbek tilida so‘zlashuvchilarni o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga 31 yil to‘lishi hamda “O‘zbek tili bayrami” kuni bilan tabriklaydi.
O‘zbek tili o‘tgan yillar davomida mamlakatimizdagi yuzdan ortiq millat va elat vakillarini o‘zaro bog‘laydigan mehr-oqibat tiliga aylandi. Mustaqillik yillarida ona tilimizni tom ma’noda davlat tiliga aylantirish yo‘lida katta chora-tadbirlar amalga oshirildi va bu jarayon bugungi kunda jadal davom ettirilmoqda.
Shu o`runda, o‘zbek tili davlat tili sifatida siyosiy-huquqiy, iqtisodiy-ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy hayotimizda faol qo‘llanmoqda, xalqaro minbarlardan baralla yangramoqda. Ayniqsa, 2020 yil 23 sentyabr mustaqil O‘zbekiston tarixi sahifalariga zarxal harflar bilan bitildi. Aynan mana shu kunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida o‘zbek xalqining ko‘p yillik orzusini ushaltirib, mazkur yuksak minbardan turib, o‘zbek tilida nutq so‘zladi.
Bugungi kunda xalqaro maydonda obro‘-e’tibori tobora yuksalib borayotgan O‘zbekistonimizni dunyoga tarannum etishda ona tilimiz ham katta hissa qo‘shmoqda.
O‘zbek tili Amerika Qo‘shma Shtatlari, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Shvetsiya, Rossiya, Ukraina, Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya, Hindiston, Turkiya, Afg‘oniston, Ozarbayjon, Tojikiston, Qozog‘iston, Turkmaniston, Qirg‘iziston kabi davlatlarning 60 ga yaqin universitetlari va 100 dan ziyod maktablarida o‘rganilmoqda.
Ona tilimiz – milliy ma’naviyatimizning bitmas-tuganmas bulog‘idir. Shunday ekan, unga munosib hurmat va ehtirom ko‘rsatish barchamizning nafaqat vazifamiz, balki muqaddas insoniy burchimizdir.

Manba: “O’zTTBRM” DUK